Due diligence: kompaniyani bitimdan oldin moliyaviy va soliq jihatdan tekshirish
Aslida nimani sotib olayotganingiz, kompaniya bilan birga qanday majburiyatlar oʻtishi va ular narxga qanday taʼsir qilishi — shartnoma imzolanishidan oldin
Leader Audit hamkori bilan uchrashuv belgilang
Birinchi konsultatsiya bepul. Xalqaro tajribaga ega mutaxassislardan biznes xatarlarini baholatib oling.
Due diligence nima
Due diligence — bitimdan oldin kompaniyani har tomonlama tekshirish. U biznes, MChJdagi ulush yoki aksiyalar sotib olinganda, investor kapitalga kirganda, kompaniyalar qoʻshilganda va katta qarz berishdan oldin oʻtkaziladi. Natijasi — xavflar hisoboti: xaridor aslida nimani olayotgani, kompaniya bilan birga qaysi majburiyatlar oʻtishi va ulardan qaysilari narx hamda shartnoma shartlarida hisobga olinishi kerakligi.
Oʻzbekistonda due diligence toʻgʻrisida alohida qonun yoʻq va bu audit emas: auditorlik tekshiruvi moliyaviy hisobotning ishonchliligini aniqlaydi va auditorlik xulosasi bilan yakunlanadi («Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonun, OʻRQ-677, 32 va 39-moddalar), due diligence hajmini esa buyurtmachi belgilaydi. Auditorlik tashkiloti uchun bu turdosh xizmat: moliya-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish, moliyaviy maslahat va soliq qonunchiligini qoʻllash boʻyicha maslahat berish (33-modda).
Leader Audit — 2013-yildan beri ishlayotgan auditorlik tashkiloti: xaridorlar, investorlar va kreditorlar uchun moliyaviy va soliq due diligence, foyda sifati tahlili (Quality of Earnings) va korporativ hujjatlar tekshiruvi, shuningdek kompaniyani xaridor tekshiruviga tayyorlash (vendor due diligence).
Due diligence qachon kerak
- Kompaniya, MChJdagi ulush yoki aksiyalar paketini sotib olish — shartnoma imzolanishi va ulushning oʻtishi roʻyxatdan oʻtkazilishidan oldin
- Investorning kapitalga kirishi — kompaniya bahosi tayanadigan koʻrsatkichlarni tekshirish
- Mahalliy hamkor bilan qoʻshma korxona tuzish — xorijiy investorlar uchun
- Kompaniyalarning qoʻshilishi yoki qoʻshib olinishi — soliq qarzlari huquqiy vorisga oʻtadi
- Kompaniyaga katta qarz yoki kredit berish — haqiqiy qarz yuki va uni toʻlash imkoniyati
- Uzoq muddatli shartnoma, katta oldindan toʻlov yoki kafillikdan oldin yirik kontragentni tekshirish
- AJning yirik bitimi yoki affillangan shaxs bilan bitimi — qonun shartlarni mustaqil auditorlik tashkiloti oʻrganishini talab qilganda
- Biznesni sotishga tayyorlash (vendor due diligence) — muammolarni xaridordan oldin topish va bartaraf etish
Tekshiruv tarkibi va muddati shartnomada belgilanadi: auditorlik xizmatlari buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma asosida koʻrsatiladi (OʻRQ-677, 31-modda).
Moliyaviy due diligence va Quality of Earnings
Moliyaviy blok ikki savolga javob beradi: kompaniya muntazam ravishda qancha ishlab topadi va balansidagi qaysi moddalar mohiyatan qarz hisoblanadi. Xatosiz hisobot ham bitimdan keyin takrorlanmaydigan foydani koʻrsatishi mumkin.
- foyda sifati (Quality of Earnings): EBITDA va sof foydani normallashtiramiz — bir martalik moddalarni, egasining shaxsiy xarajatlarini va bogʻliq tomonlar bilan bozor narxidan farq qiladigan bitimlar taʼsirini chiqarib tashlaymiz, shakllantirilmagan rezervlarni qoʻshamiz;
- tushum: hisobvaraqlarga kelib tushgan pul bilan tasdiqlanishi, yirik mijozlarga bogʻliqlik, toʻgʻri davrga kiritilgani;
- aylanma kapital: debitorlik va kreditorlik qarzlari hamda zaxiralarning odatiy darajasi — yopilish sanasidagi narx tuzatishi uchun asos;
- sof qarz: kreditlar va qarzlar, jumladan taʼsischilardan olinganlari, lizing, yetkazib beruvchilar va byudjet oldidagi muddati oʻtgan qarzlar, toʻlanmagan dividendlar;
- aktivlar va balansdan tashqari majburiyatlar: debitorlik qarzlarining undirilishi, garovlar, uchinchi shaxslar uchun kafilliklar, sud nizolari.
Soliq due diligence: qaysi davr tekshiriladi va nimalarga qaraladi
Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati — soliq davri tugaganidan keyin uch yil (Soliq kodeksi, 88-modda), shuning uchun kamida oxirgi uch yil va joriy davr tekshiriladi. Stavka, imtiyoz yoki chegirma vaqtinchalik shartlarga rioya qilish sharti bilan qoʻllangan boʻlsa, muddat shu shartlarning amal qilish muddatiga uzaytiriladi (84 va 88-moddalar).
- soliq hisoboti va toʻlovlarining toʻliqligi, soliq organi maʼlumotlari bilan tafovutlar, tugallanmagan tekshiruvlar va nizolar;
- imtiyozlar va maxsus soliq rejimlari, QQSni hisobga olish va elektron hisob-fakturalar, daromad soligʻi va ijtimoiy soliq;
- oʻzaro bogʻliq shaxslar: bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok ulushi 20 foizdan ortiq; jismoniy shaxsning ulushiga eri (xotini), ota-onasi, farzandlari, aka-uka va opa-singillarining ulushlari qoʻshiladi (37, 38-moddalar);
- nazorat qilinadigan bitimlar: oʻzaro aloqador rezidentlar oʻrtasida — yillik daromadlar besh milliard soʻmdan oshsa, taraflardan biri maxsus soliq rejimini, imtiyozlarni qoʻllasa yoki maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi boʻlsa, boshqasi esa yoʻq — besh yuz million soʻmdan oshsa (180-modda); rangli va qimmatbaho metallar, mineral oʻgʻitlar, uglevodorod xom ashyosi va neft mahsulotlari, paxta tolasi va kalava ip bilan tashqi savdo bitimlari, ofshor yurisdiksiyadagi shaxslar bilan bitimlar (181-modda); xabarnoma yillik moliyaviy hisobot muddatidan kechiktirmay yuboriladi (182-modda).
Ulush sotib olish yoki qoʻshib olish: soliq qarzlari uchun kim javob beradi
Ulush yoki aksiyalar sotib olinganda soliq toʻlovchi kompaniyaning oʻzi boʻlib qoladi: jamiyat oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javobgar (OʻRQ-1137, 4-modda; aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisidagi qonun, 4-modda). Oʻtgan yillar uchun qoʻshimcha hisoblangan soliqlar kompaniya mablagʻidan, yaʼni amalda sotib olingan ulush qiymatidan toʻlanadi.
Qayta tashkil etishda soliq majburiyati huquqiy vorisga oʻtadi — u majburiyat bajarilmagani haqida bilgan-bilmaganidan qatʼi nazar va qayta tashkil etish tugallanguniga qadar belgilangan jarimalar bilan birga (Soliq kodeksi, 92-modda). Qoʻshib olishda qoʻshib olgan kompaniya huquqiy voris boʻladi, shuning uchun qoʻshib olinayotgan kompaniya qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qarordan oldin tekshiriladi.
MChJ ulushini sotib olish: yangi qonun boʻyicha nimalar tekshiriladi
2026-yil 22-iyuldan «Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ-1137) amalda, 2001-yilgi 310-II-sonli qonun oʻz kuchini yoʻqotgan.
- roʻyxatdan oʻtkazish: ulushga boʻlgan huquq xaridorga Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran oʻtadi; bitim shakli yoki roʻyxatdan oʻtkazish tartibi buzilsa, bitim haqiqiy emas deb topiladi; toʻliq toʻlanmagan ulush faqat toʻlangan qismi doirasida oʻtkaziladi; xaridorga ishtirokchining ulush oʻtkazilgunga qadar yuzaga kelgan barcha huquq va majburiyatlari ham oʻtadi (21-modda);
- imtiyozli huquq: sotuvchi ishtirokchilar va jamiyatni narx va shartlar haqida yozma xabardor qiladi; bir oy ichida (ustav yoki ishtirokchilar kelishuvi boshqa muddat belgilashi mumkin) huquqdan foydalanilmasa, ulushni uchinchi shaxsga faqat ularga maʼlum boʻlgan narx va shartlarda sotishi mumkin; huquq buzilsa, ishtirokchi buzilishni bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan eʼtiboran uch oy ichida xaridorning huquq va majburiyatlarini oʻziga oʻtkazishni sud tartibida talab qilishga haqli (21-modda);
- majburiy taklif: ilgari ustav fondining 50 foizidan kamrogʻiga ega boʻlib, 50 va undan ortiq foiziga ega boʻlgan shaxs oʻn besh kun ichida minoritar ishtirokchilarga ulushlarini bozor qiymati boʻyicha oʻziga sotishni taklif etishi, oʻttiz kun ichida yozma rozilik berganlarning ulushini esa sotib olishi shart (21-modda); ehtimoliy sotib olish summasini bitim byudjetiga kiritamiz;
- garov va maʼqullashlar: ulush uchinchi shaxsga jamiyat roziligi bilan, ishtirokchilar umumiy yigʻilishi qaroriga binoan garovga qoʻyiladi (22-modda); tegishli tartibda maʼqullanmagan yirik bitimlar (sof aktivlarning 25 foizidan ortiq, agar ustavda kattaroq miqdor belgilanmagan boʻlsa) va manfaatdorlik mavjud bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin (49, 50-moddalar);
- qiymati sof aktivlarning 10 va undan koʻp foizini tashkil etadigan affillangan shaxs bilan bitimlar shartlarini mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti oʻrganganidan keyin, baholovchi belgilagan bozor qiymati hisobga olingan holda maʼqullanadi (58-modda).
Aksiyadorlik jamiyatlari: bitim shartlarini auditorlik tashkiloti oʻrganishi qachon majburiy
- yirik bitim (jumladan qarz, kredit, garov, kafillik; beriladigan mol-mulkning balans qiymati yoki olinadigan mol-mulk qiymati sof aktivlarning 15 foizidan ortiq, kundalik xoʻjalik faoliyatidagi bitimlar bundan mustasno) va qiymati sof aktivlarning 10 yoki undan koʻp foizini tashkil etadigan affillangan shaxs bilan bitim toʻgʻrisidagi qaror shartlar mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti tomonidan oʻrganilgan va baholovchi belgilagan bozor qiymati hisobga olingan holda majburiy tartibda qabul qilinadi; qonun buzilgan holda tuzilgan yirik bitim sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin (83, 84, 88-moddalar);
- ilgari aksiyalarning 50 foizidan kamrogʻiga ega boʻlib, 50 va undan ortiq foiziga ega boʻlgan shaxs oʻttiz kun ichida qolgan aksiyadorlarga aksiyalarni bozor qiymati boʻyicha oʻziga sotish taklifini eʼlon qilishi shart (40-modda).
Sotuvchidan qanday hujjatlar soʻraladi
Hujjatlarga kirish ish boshlanishidan oldin rasmiylashtiriladi: sir tutilgan axborotli hujjatlarni jamiyat uchinchi shaxslarga oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida taqdim etishi mumkin (OʻRQ-1137, 54-modda). Maʼlumot berishdan bosh tortish ham topilma hisoblanadi.
- taʼsis hujjatlari, bayonnomalar, ustav fondi toʻlanganini tasdiqlovchi hujjatlar;
- hisobotlar, buxgalteriya bazasi, auditorlik xulosalari, soliq tekshiruvi dalolatnomalari;
- kredit, garov va eng yirik shartnomalar, bogʻliq tomonlar bilan bitimlar;
- qarzlar yoyilmasi, xodimlar haqidagi maʼlumotlar, sud nizolari.
Nimalarni olasiz
Xavflar hisoboti
Summasi va ehtimoli baholangan topilmalar: narxda hisobga olish, bitimgacha bartaraf etish yoki qabul qilish.
Normallashtirilgan foyda (QoE)
Bir martalik va bozor narxidan farqli moddalarsiz foyda va EBITDA — baholash uchun asos.
Sof qarz va aylanma kapital
Qarzga tenglashtiriladigan majburiyatlar va narxni tuzatish uchun odatiy aylanma kapital.
Soliq xavflari xaritasi
Ochiq davrlar xavflari va qoʻshimcha hisoblanishi mumkin boʻlgan summalar.
Korporativ hujjatlar tekshiruvi
Sotuvchining ulushga huquqi, ustav fondining toʻlangani, garovlar, yirik bitimlarning maʼqullangani.
Shartnoma uchun shartlar
Narxni tuzatish, toʻlovni kechiktirish, yopilishgacha bajariladigan shartlar, sotuvchi kafolatlari yoki ulush oʻrniga mol-mulkni sotib olish.
Due diligence qanday oʻtadi va qancha vaqt oladi
- 1
Vazifa va hajm
Bitim va asosiy savollarni muhokama qilamiz, bloklar, davr va muddatlarni kelishib olamiz. 1–2 ish kuni.
- 2
Shartnoma va NDA
Shartnoma va NDA imzolaymiz, sotuvchiga soʻrovlar roʻyxatini yuboramiz. 1–3 ish kuni.
- 3
Maʼlumotlarni yigʻish
Hujjatlar — virtual maʼlumotlar xonasi orqali yoki joyida, rahbariyat va bosh buxgalter bilan suhbatlar. 1–2 hafta.
- 4
Tahlil
Foydani normallashtirish, sof qarz, soliq va korporativ tekshiruvlar; jiddiy topilmalar haqida darhol xabar beramiz. 1–3 hafta (qisman maʼlumotlarni yigʻish bilan bir vaqtda).
- 5
Hisobot loyihasi
Topilmalarni buyurtmachi bilan, zarur boʻlsa — sotuvchi bilan muhokama qilamiz. 3–5 ish kuni.
- 6
Yakuniy hisobot
Hisobot va qaror uchun qisqacha xulosa; topilmalardan muzokaralarda foydalanishga yordam beramiz. 1–2 ish kuni.
Nega Leader Audit
- 2013-yildan beri ishlayotgan auditorlik tashkiloti, Auditorlik tashkilotlari reyestriga kiritilgan (OʻRQ-677, 27-modda)
- 220+ auditorlik tekshiruvi — hisobotda koʻrinmaydigan hisob va soliq xavflari qayerda yashirinishini bilamiz
- Asoschilar — CAP, CIPA, DipIFR xalqaro malakalariga ega
- Moliyaviy va soliq bloklari bitta hisobotda, topilmalar bitim narxi bilan bogʻlangan
- Maxfiylik — qonun talabi (OʻRQ-677, 8-modda); NDA hujjatlar olinishidan oldin imzolanadi
- Korporativ hujjatlarni 2026-yil 22-iyuldan amalda boʻlgan yangi «Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ-1137) boʻyicha tekshiramiz
Due diligence narxi nimaga bogʻliq
Narx bitim muhokama qilinganidan keyin hisoblanadi va shartnomada qayd etiladi. U bloklar tarkibi, tekshiriladigan davr, yuridik shaxslar va filiallar soni, operatsiyalar hajmi va hisobning holati, MHXS boʻyicha hisobot mavjudligi, sotuvchi maʼlumotlarni qanchalik tez berishi va bitimgacha qolgan vaqtga bogʻliq. Asosiy xavflarni tezkor tekshirish (red flag) toʻliq tekshiruvdan arzonroq va muzokaralarni davom ettirish-ettirmaslikni hal qilishga yordam beradi.
Due diligence haqida koʻp beriladigan savollar
Due diligence nima?
Bu xaridor yoki investor nuqtai nazaridan bitimdan oldin kompaniyani tekshirish. Audit hisobot ishonchlimi degan savolga javob beradi, due diligence esa nimani sotib olayotganingiz, kompaniya bilan birga qanday majburiyatlar oʻtishi va topilgan xavflarni hisobga olganda u qancha turishi haqidagi savolga.
Due diligence auditdan nimasi bilan farq qiladi?
Auditorlik tekshiruvi moliyaviy hisobotning ishonchliligini aniqlaydi va auditorlik xulosasi bilan yakunlanadi (OʻRQ-677, 32 va 39-moddalar). Due diligence — turdosh xizmat (33-modda): hajmini buyurtmachi belgilaydi, hisobotdan tashqari soliq xavflari, shartnomalar va majburiyatlar ham tekshiriladi, natijasi — pul bilan baholangan topilmalar roʻyxati.
Kompaniyada auditorlik xulosasi boʻlsa, due diligence kerakmi?
Ha. Xulosa hisobotning ishonchliligini tasdiqlaydi, lekin foydaning qaysi qismi takrorlanishi, qaysi majburiyatlar mohiyatan qarz ekani va qaysi soliq pozitsiyalariga soliq organi eʼtiroz bildirishi mumkinligini koʻrsatmaydi. Ammo xulosa boʻlsa, moliyaviy blok tezroq oʻtadi.
Due diligence qancha davom etadi?
Toʻliq due diligence odatda kompaniya hajmi va tekshiruv chuqurligiga qarab uch haftadan olti haftagacha, asosiy xavflarni tezkor tekshirish (red flag) — taxminan 5–7 ish kuni davom etadi. Muddat koʻp jihatdan sotuvchi hujjatlarni qanchalik tez taqdim etishiga bogʻliq.
Kontragentni tekshirish va due diligence oʻrtasida qanday farq bor?
Kontragentni tekshirish — shartnoma oldidan yengil format: roʻyxatdan oʻtish maʼlumotlari, taʼsischilar, rahbar, kompaniyangiz bilan oʻzaro bogʻliqlik, hisobot, nizolar. Due diligence esa kompaniyani buxgalteriya va hujjatlarga kirish orqali ichkaridan oʻrganadi — ulush sotib olganingizda, pul kiritganingizda yoki majburiyat olganingizda.
Birlamchi manbalar
- «Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ-677), 8, 27, 31–33, 39-moddalar
- Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, 37, 38, 84, 88, 92, 180–182-moddalar
- «Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida»gi Qonun (2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1137), 4, 21, 22, 49, 50, 54, 58, 68-moddalar — 2026-yil 22-iyuldan amalda
- «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ-370 tahririda), 4, 40, 83, 84, 88-moddalar
